Somoniylarning boshqaruv tizimida turklar
Keywords:
Arab xalifaligi, Xuroson, Movarounnahr, Somoniylar, turklar, turk harbiy boshliqlari.Abstract
Somoniylar hukmronligi davrida (IX – X asrlar) turklar Bagʻdod- dagi Abbosiylar saroyidagi kabi bu sulola hukmronligining boshidan oxirigacha barcha darajadagi boshqaruv ishlarida muhim oʻrin egallaganlar. Somoniylar davrida ularning saroyida ham Xuroson va Movarounnahrning ularga qarashli bo‘lgan boshqa shahar va viloyatlarida ham deyarli barcha asosiy mansablarni turklar egallagan. Mudofaa va huquq-tartibot ishlari esa butunlay turklarning qo‘lida edi. Somoniylarning koʻp turk lashkarboshilari yirik ma’muriy va siyosiy arboblar boʻlib, ularning koʻpchiligi o‘zlarining hukmdorlar sulolalariga asos solganlar va Oʻrta Osiyoning siyosiy hayotida muhim oʻrin egallaganlar. Xuddi Abbosiylar saroyida bo‘lgani kabi Somoniylarga qarashli viloyatlardagi ko‘plab turk hukmdorlari hokimiyatga harbiy xizmat orqali kelganlar.
Biroq ular orasida islomgacha boʻlgan mahalliy turk sulolalarining koʻplab avlodlari ham bor edi. Ularning ajdodlari Somoniylardan oldin bu yerlarga egalik qilgan, shuning uchun ular markaziy hokimiyatni faqat nomiga tan olar edilar, amalda esa deyarli mustaqil edilar. Somoniylar taxtdan ag‘darilib, hokimiyat yangi musulmon-turk sulolasi – Qoraxoniylar qo‘liga o‘tganida, ularning ko‘pchiligi hech ikkilanmasdan yangi hukmdorlar xizmatiga o‘tdi.