Somoniylar va o‘g‘uz turklari
10.52773/tsuull.uzlc.2026.2/GMHA2354
Keywords:
Turkiston, Xuroson, o‘g‘uzlar, Bahrom Chubin, Buxoro, Somon-xudot, “O‘g‘uznoma”, Somoniylar, Saljuq turklari.Abstract
Maqolada Somoniylar sulolasining kelib chiqishi o‘g‘uzlar bilan
bog‘liq bo‘lganligi haqida so‘z yuritilgan. Xususan, ularning ajdodi Bahrom
Chubin Xurosonda yashagan va Sosoniylarning harbiy xizmatida bo‘lgan
o‘g‘uz qabilalaridan yetishib chiqqan. Somoniylar sulolasining bobokaloni
Somon-xudot “O‘g‘uznoma”da Somon-Yabg‘u deb atalgan va o‘g‘uzlarning
ajdodlari qatorida tilga olingan. Somoniylar sulolasi o‘z hukmronligi
davomida o‘g‘uz qabilalarining harbiy kuchlariga tayanganlar. O‘g‘uzlar
Somoniylar sulolasining eng yaqin, ishonchli va sodiq odamlari bo‘lib
kelgan. Nasr ibn Ahmadning o‘g‘li amir Nuh ibn Nasr (943 – 956-yillarda
hukm surgan) “malik as-Sin” – Chin hukmdori, ya’ni Qoraxoniylar xonining
qiziga uylangan edi. Qoraxoniylar sulolasining kelib chiqishi ham tag‘azg‘az,
ya’ni “to‘qqiz o‘g‘uz” deb ataluvchi qabilalar bilan bog‘liq edi. Somoniylar
sulolasining so‘nggi amiri Abu Ibrohim Ismoil ibn Nuh al-Muntasir (vafoti
395/1004-05-y.) G‘uz turklarining yetakchisi Yabg‘uning qiziga uylanib,
u bilan qarindosh tutingan. XVI – XVII asrlarga oid manbalarda XIV asr
o‘rtalarida yashagan “Ismoil Somoniyning avlodi” boʻlgan Jandiy-bekning
Jo‘chiylar bilan qarindosh tutinib, oʻz qizini Joʻchi Bukaning nabirasi va
Shaybonxonning toʻrtinchi nasldagi avlodi boʻlgan Ming Temurxonga
nikohlab berganligi qayd etilgan. Mening fikrimcha, XIV asrda yashagan
mazkur Jandiy-bek Somoniylarning soʻnggi amiri al-Muntasirning Gʻuz
turklari yetakchisi Yabgʻuning qizi bilan qurgan turmushidan qolgan avlodi
bo‘lgan. Ming Temurxonning Jandiy-bekning qizidan boʻlgan toʻrtinchi
nasldagi avlodi Dasht-i Qipchoqda koʻchmanchi oʻzbeklar davlatining
asoschisi Abu-l-Xayrxon (1412 – 1468) edi. Uning nabirasi Muhammad
Shayboniyxon (1451 – 1510) esa 1501 – 1601-yillarda Oʻrta Osiyoda
hukmronlik qilgan Shayboniylar oʻzbek sulolasining asoschisi edi.